15 iyul 2025

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi INNOPROM–2025 ko‘rgazmasida ishtirok etdi

Joriy yil 7–10-iyul kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan ‘‘INNOPROM–2025’’ xalqaro sanoat ko‘rgazmasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ‘‘O‘zto‘qimachiliksanoat’’ va ‘‘O‘zcharmsanoat’’ uyushmalari bilan hamkorlikda faol ishtirok etdi, deb xabar bermoqda SSP matbuot xizmati.

‘‘INNOPROM’’ — Yevroosiyodagi eng yirik va nufuzli sanoat ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, unda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan kompaniyalar o‘z mahsulotlari va texnologik yechimlarini namoyish etadi. Bu yilgi tadbirda 30 dan ortiq mamlakat ishtirok etdi.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi va unda to‘qimachilik hamda charm-poyabzal sanoati mahsulotlari namoyish etildi. Milliy stend tashrif buyuruvchilar va potensial hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazmada ishtirok etishdan asosiy maqsad — mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash, yangi hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish va mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga ilgari surishdan iborat bo‘ldi.