2025-yil 15-may kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati. Tadbir ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish borasida muhim bosqich bo‘ldi.
Biznes-forum va davra suhbatlari doirasida O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari vakillarining 200 ga yaqin ishtirokchilari qatnashdi..
Delegatsiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz boshchilik qildi.
Uchrashuvda asosan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash, hamkorlikning yangi o‘sish nuqtalarini belgilash hamda avvalgi kelishuvlarni amaliyotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun: So‘nggi besh yil davomida O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni to‘rt baravarga oshib, 1942 taga yetdi. Faqatgina 2025 yil boshidan boshlab 120 ta yangi turk kompaniyasi ro‘yxatga olindi.
Yig‘ilish davomida sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, energetika, bank-moliya, transport, turizm, ta’lim, fan va raqamlashtirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha keng qamrovli muzokaralar olib borildi.
Tovar ayirboshlash hajmini qisqa muddatda 5 milliard dollarga, o‘rta muddatda esa 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu maqsadga erishish uchun imtiyozli savdo bitimlari ro‘yxatini kengaytirish va ikki tomonlama texnik standartlarni soddalashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yig‘ilish yakunida ikki mamlakat o‘rtasida “Savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi” hamda sanoat, davlat xaridlari va boshqa muhim yo‘nalishlarda bir qator hujjatlar imzolandi.