5 noyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» 5-yillik Ishbilarmonlar kengashida qatnashdi, deb xabar bermoqda SSP matbuot xizmati. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Dilshod Rasulov qutlov so‘zi bilan chiqish qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikning muhimligini taʼkidladi.
Ishbilarmonlar kengashi doirasida ishtirokchilar ikki mamlakat tadbirkorlari uchun savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha sharoitlar yaratish istiqbollari va imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini jonlantirish, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qoshidagi “U-Enter” Biznes inkubatori negizida uning vakolatxonasini ochish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasida o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlar – seminarlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalarga ishbilarmon tashriflarini uyushtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tadbirkorlari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash, kelajakda o‘zaro rivojlanish va farovonlik uchun keng imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.