17 aprel 2025

GSP+ imtiyozli savdo rejimi sharoitida Oʻzbekiston toʻqimachilik korxonalari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlandi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga GSP+ imtiyozlari doirasida yetkazib berishni kengaytirishga qaratilgan tizimli choralar amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

2025-yilning 7-12 aprel kunlari vazirlik tomonidan GIZ loyihasi, Germaniyaning Gesamtmasche uyushmasi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ko‘magida O‘zbekistonning Germaniyaga biznes missiyasi tashkil etildi. Delegatsiya tarkibiga “O‘zbekistonda «GSP+” dan samarali foydalanishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida maxsus treningdan o‘tgan 15 dan ortiq yetakchi to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari kirdi.

O‘zbekistonlik eksportchilar Germaniyaning bir qator yirik kompaniyalari, jumladan, Takko, Weitblick, Ceceba, Lerros, Greiff, Carl Gross va boshqalar bilan B2B uchrashuvlarini o‘tkazdilar. O‘zbekiston korxonalarining imkoniyatlari taqdim etildi, yetkazib berish shartlari, sertifikatlashtirish masalalari, logistika, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari muhokama qilindi.