19 iyun 2025

O‘zbekiston va Afg‘oniston to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Afg‘onistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib, Kobul va Qandahor shaharlarida tegishli idoralar rahbarlari bilan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Afg‘oniston davlat idoralari vakillari bilan sanoat kooperatsiyasini, ayniqsa, to‘qimachilik sanoati va qayta ishlashni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Afg‘oniston Davlat to‘qimachilik korporatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi tashrifning asosiy natijasi bo‘ldi. Hujjatni Davron Vahobov va korporatsiya rahbari Abdul Hamid Oxunzoda imzoladi.

Hujjatni imzolash marosimida Afgʻoniston oliy rahbariyati vakillari, jumladan, togʻ-kon va neft vaziri Hidoyatulloh Badriy, moliya vaziri mulla Nosir Oxund, iqtisodiyot vaziri Din Muhammad Hanif va bosh vazir apparati rahbari Anvar-ul-Haq ishtirok etdi.

Erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmon doiralari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.