26 avgust 2022

O‘zbekiston va Belarus qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatida

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, Minsk shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjaev Belarus Respublikasi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vaziri Igor Braylo bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat chog‘ida o‘zaro oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Har yili talab qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining qo‘shma balansini shakllantirish jarayoni tahlil qilinib, natijada forvard va fyuchers shartnomalari bo‘yicha o‘zaro kartoshka, don va moyli o‘simliklar, meva-sabzavot mahsulotlarini tizimli yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar qishloq xoʻjaligi ekinlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish uchun ishonchli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchilar va import qiluvchilar roʻyxatini shakllantirish, shuningdek, talabga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishning tashkiliy, moliyaviy va sugʻurta mexanizmlarini nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib oldilar.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida “Gomelagroproproekt” bilan hamkorlikda go‘sht-sut kompleksini tashkil etish loyihasini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirish jarayonini faollashtirish, shu jumladan Belarus investitsiya tuzilmalari mablag‘larini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik dasturini kelishish uchun oʻzaro tashriflar tashkil etgan holda, ikki mamlakatning ilmiy-amaliy markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida oʻsimlikchilik, urugʻchilik va veterinariya sohalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni qoʻllab-quvvatlashga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlari doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.