13 sentabr 2024

O‘zbekiston va Qatar oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni faollashtirmoqda

O‘zbekiston elchisi Ashraf Xo‘jayev Qatar munitsipal ishlar vaziri Abdulla bin Hamad Al-Attiya bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini olib kirishda fitosanitariya ruxsatnomalarini olish, shuningdek, munitsipal boshqaruv boʻyicha tajriba almashish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

‘‘O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli keng ko‘lamli islohotlar tufayli mamlakatingiz qanday o‘zgarib, taraqqiy etayotganini, xalqaro maydondagi mavqei qanchalik mustahkamlanayotganini kuzatib boryapmiz. Biz O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarni yuksak qadrlaymiz va ko‘p qirrali hamkorligimizni faollashtirish tarafdorimiz”, — dedi vazir.

Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, Oʻzbekistondan Qatar bozoriga sifatli meva-sabzavot yetkazib berishning ishonchli kanallarini yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha 2025-yil fevral oyida Doha shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida Oʻzbekiston stendi tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.