16-avgust kuni Issiqko‘l viloyatining Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Vazirlar Mahkamasi raisi – Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov olib bordi.
Ikki davlat hukumat delegatsiyalari savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi, deb xabar qildi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga barqaror o‘sib bormoqda. 2023-yilning birinchi besh oyida tovar ayirboshlash hajmi 13,3 foizga o‘sib, 215,8 million dollarni tashkil etdi, deyiladi hisobotda.
Tomonlar bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligini ta’kidladilar, deb xabar qildi O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati. Bunday rejalar haqida avval ham xabar qilingan.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022-yilda 1,26 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bir yil avval 953,6 million dollarni tashkil etgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokidagi sanoat kooperatsiyasi, energetika, suv xo‘jaligi, transport va logistika, turizm va sport sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Noyabr oyida O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari doirasida atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligini nishonlash rejalashtirilgan.