Mo‘g‘uliston Davlat saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston yetakchisiga samimiy qabul hamda ushbu mamlakatga javob davlat tashrifi bilan kelish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.
Ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston aloqalarini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Prezidenti Mo‘g‘uliston tomonini yaqinlashib kelayotgan Xalq inqilobi kuni bilan ham tabrikladi.
O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajadagi aloqalar va almashinuvlar faollashdi. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari jadal o‘sib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni ko‘paymoqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektron savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ilk kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi.
Kuni kecha ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va idoralari vakillari ishtirokida qo‘shma biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston mahsulotlarining shourumiga ega savdo uyi ochildi.
Muzokaralarda iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqin yillarda o‘zaro savdoni, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini oshirish hisobiga karrasiga ko‘paytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Shu maqsadda imtiyozli savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni qabul qilishni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi. Hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari ustuvor etib belgilab olindi.
Bu, avvalo, tog‘-kon sohasidagi sheriklik, jumladan, geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish, xomashyo resurslari konlarini o‘zlashtirish, texnologiyalar transferi, tajriba almashish va kadrlar tayyorlash sohalari.
Shu ma’noda, sohadagi loyihalarni ilgari surish maqsadida Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston geologiya vazirligining vakolatxonasi ochilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qo‘shma klasterlar tashkil etish, go‘sht-sut, jun va charm mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish asosida qishloq xo‘jaligida kompleks hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yil yakuniga qadar poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tahlil instituti bilan birgalikda eng qisqa va samarali transport yo‘laklarini aniqlash bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘tkazish taklifi bildirildi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Shu kunlarda Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari, san’at va turizm tadbirlari o‘tayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirish, ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ul yoshlarining O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini qayta tiklashga kelishib olindi.
Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish yuzasidan ahdlashildi.
Yakunda davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentini javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.