26 aprel 2024

O‘zbekiston va Niderlandiya siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqda

Toshkentda Oʻzbekiston-Niderlandiya siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Siyosiy maslahatlashuvlar chog‘ida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuvda siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikning mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yetakchi fan va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 

Muzokaralar kun tartibidan toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham oʻrin olgan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.

Ikki tomonlama va mintaqalararo, jumladan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatida boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Foto: Anvar Ilyosov (“Dunyo” axborot agentligi)