Joriy yilning 11-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Slovakiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Viktor Boretski bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirish masalalari hamda Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama savdo va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati ko’rib chiqildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash asosan toʻqimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar, rezina va kauchuk mahsulotlari, transport vositalari va ular uchun ehtiyot qismlar, mexanik va elektr jihozlari, optik asboblar hisobiga ortdi.
Investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda – O‘zbekistonda Slovakiya investorlari ishtirokidagi 19 kompaniya faoliyat yuritmoqda, ular axborot texnologiyalari, ta’lim, qurilish, logistika, metallurgiya va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini keskin kengaytirish maqsadida har tomonlama choralarni qo‘llash muhimligidan kelib chiqib, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, farmatsevtika, energetika, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari kabi turli sohalarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ishbilarmonlar missiyalarini tashkil etish, turizm, ta’lim va fan sohalarida tadbirkorlatning o‘zaro aloqalarini kengaytirish masalalari kelishib olindi.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va amalga oshirilishini doimiy nazorat qilishning sinalgan samarali mexanizmi hisoblanadi. Ushbu yakdil pozitsiyadan kelib chiqqan holda, uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladigan Hukumatlararo komissiyaning birinchi va keyingi yig‘ilishlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.