Poytaxtimizda Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy Assambleyasi Raisi Tran Txan Manning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Vyetnam davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Vyetnam Bosh vazirining o‘rinbosari Tran Xong Xa, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, Petrovietnam, Vinachem, Sovico, Vietnam Airlines, Vinafood, Delse, Vietra va boshqa Vyetnamning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni, jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo sanoati, geologiya, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, raqamlashtirish, turizm va farmatsevtika kabi sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Jamshid Xodjayev o‘z nutqida O‘zbekiston-Vyetnam munosabatlari tobora kengayib borayotganini qayd etib, sanoat sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, texnologik almashinuv va logistika aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Shuningdek, Vyetnam tomoni qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va Vyetnamda O‘zbekiston savdo uylarini ochishga tayyorligini bildirdi.
Vyetnamning Petrovietnam, Sovico va Delion kompaniyalari rahbarlari energetika, aviatsiya, raqamli transformatsiya, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
O‘z navbatida, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy Assambleyasi Raisi Tran Txan Man samimiy qabul uchun O‘zbekiston xalqi va hukumatiga minnatdorlik bildirib, bugungi muloqot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev bilan uchrashuvning mantiqiy davomi bo‘lganini alohida ta’kidladi. Davlat rahbari bilan uchrashuvda strategik sheriklikni kengaytirish, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha kelishuvlarga erishilganligini ham mamnuniyat bilan aytib oʻtdi.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi, O‘zbekiston va Vyetnam tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda 2025–2026 yillarda O‘zbekiston va Vyetnam o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi imzolandi.
Ushbu hujjatlarda koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, Hukumatlararo komissiya yigʻilishini oʻtkazish, savdo masalalari boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzish, biznes-forumlar tashkil etish, savdo uylarini ochish, roud-shou oʻtkazish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq choralar oʻz aksini topdi.
Hujjatlarda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, neft-gaz, kimyo sanoati, farmatsevtika, geologiya-qidiruv sohalarida loyihalarni amalga oshirish choralari belgilandi.
Davra suhbati ikki mamlakat iqtisodiy salohiyatini ochishga qaratilgan ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishda har ikki tomon sobitligini yana bir bor tasdiqladi.