09 iyul 2025

O‘zbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Kengashiga saylandi

4-iyul kuni Rimda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Kengashining 2028-2029-yillarga mo‘ljallangan a’zoligiga saylovda O‘zbekiston Respublikasi tarixida birinchi marta ushbu nufuzli organ tarkibiga bir ovozdan saylandi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.

Kengash geografik taqsimotni hisobga olgan holda 3 yilgacha muddatga saylanadigan 49 ta aʼzo davlatdan iborat. Kengash o’z vakolatlari doirasida byudjet, FAO dasturlarini muhokama qiladi va Konferensiyaga muhim qarorlar va tavsiyalar beradi.

O‘zbekistonning mazkur organga saylangani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan chuqur o‘zgarishlar va mamlakatimizning global jarayonlardagi roli ortib borayotgani xalqaro miqyosda e’tirof etilganining yorqin ifodasidir.

FAO Kengashiga aʼzolik Oʻzbekiston uchun global qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat siyosatini shakllantirish, meʼyoriy hujjatlar va standartlarni ishlab chiqish, milliy va mintaqaviy tashabbuslarni taqdim etish, shuningdek, loyihalarni ilgari surish va qoʻshimcha moliyaviy resurslarni jalb qilishda keng imkoniyatlar ochadi.