16 iyun 2025

O‘zbekiston – BAA: Investitsiyalar va innovatsiyalar sohasida strategik hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining uchinchi kunini “O‘zbekiston – BAA: Investitsiyalar va innovatsiyalar sohasida strategik hamkorlik” mavzusidagi uchrashuv boshlab berdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasida investitsiya hamkorligini chuqurlashtirish va innovatsiyalar sohasida yangi istiqbollarni yaratish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda davlat vakillari va xususiy sektor o‘rtasida bevosita muloqot o‘rnatildi, hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston vakili sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va BAA vakili sifatida BAA Energetika va infratuzilma vaziri Suhail Al Mazroui ishtirok etdi.

Jamshid Xodjayev ushbu uchrashuv aynan forum doirasida tashkillashtirilganligidan mamnunligini bildirgan holda, Suhail Al Mazrouiga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Men bu uchrashuvni to‘rtinchi Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasida o‘tkazish g‘oyasi joriy yilning yanvar oyida mamlakatlarimiz rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu tashabbus esa har ikki tomonning yuqori darajadagi siyosiy irodasi va qiziqishining yana bir tasdig‘idir”, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, BAA Energetika va infratuzilma vaziri Suhail Al Mazroui futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon Chempionati saralash bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan BAA va Qatar bilan o‘yinini eslab, o‘z nutqini O‘zbekistonni tarixiy natija – mundial bilan tabriklashdan boshladi.

“Bu munosabat – ikki strategik sherik va birodar o‘rtasidagi o‘rnak bo‘ladigan hamkorlikdir. BAA rahbari, Zoti oliylari bizdan O‘zbekistonda ko‘proq ish olib borishimizni so‘ramoqda. Men har doim aytaman: bunga hech qanday cheklovlar yo‘q. Biz investitsiyalarga cheklov qo‘ya olmaymiz. Qancha imkoniyat bo‘lsa, shuncha sarmoya qilamiz, shuncha hamkorlik qilamiz, imkoniyatlarni ochishga va kelishuvchi tomonlar o‘rtasidagi muammolarni hal qilishga harakat qilamiz”, –  dedi vazir.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida istiqbolli qo‘shma loyihalar aniqlanib, yangi investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi. Xususiy sektor vakillari uchun barcha savollarga javoblar berilib, mutaxassislar tomonidan amaliy maslahatlar taqdim etildi. Forumda davlat va biznes vakillari o‘rtasida kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish va umumiy iqtisodiy salohiyatni oshirishga qaratilgan aniq qadamlar belgilandi.

Shu bilan birga, tadbirda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator sohalarda yangi hamkorlik shartnomlari imzolandi. Uchrashuv ikki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga va innovatsion sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.