23 yanvar 2023

Estoniya biznes missiyasi O‘zbekistonga keladi

O‘zbekistonning Estoniyadagi elchisi Qadambay Sultonov Estoniya Savdo-sanoat palatasi vakolatxonasi rahbari Magnus Ilmyar bilan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori Ulug‘bek Qosimxo‘jaev va Estoniyaning mamlakatimizdagi elchisi Tomas Tirs ham ishtirok etdi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning amaliy masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar 2022-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar oshib, 92 million AQSH dollaridan oshganini ijobiy baholadilar. Estoniyaning yirik tadbirkorlik subyektlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Estoniya tomoni 27-mart kuni O‘zbekistonga biznes missiyasini tashkil etishni taklif qildi. Missiya tarkibiga AKT va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, raqamli va yashil texnologiyalar, yuridik xizmatlar, turizm, savdo va boshqa sohalarga ixtisoslashgan mamlakatning yetakchi kompaniyalari kiradi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Estoniya ishbilarmonlar delegatsiyasining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifining tashkiliy, moddiy-texnik va mazmuniy masalalarini birgalikda oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi, bunda tomonlar manfaatlariga javob beradigan amaliy natijalarga erishishga alohida eʼtibor qaratildi.