22 aprel 2025

O‘zbekiston Yaponiyaning Oita prefekturasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

Yaponiya tomonining taklifiga binoan ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston elchixonasi delegatsiyasining Oita prefekturasiga amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tashrif doirasida prefektura gubernatori Kiichiro Sato, Oita shahri meri Shinya Adachi, Savdo-sanoat palatasi raisi, ‘‘ASTEM, Inc.’’ prezidenti Yasuaki Yoshimura, ‘‘Ritsumeikan Asia Pacific University’’ vitse-prezidenti Yoshifumi Okamura, Oita sayyohlik agentligi assotsiatsiyasi bosh ijrochi direktori, Xideki Arai, Yaponiya Xalqaro Yoshlar Palatasi Bosh kotibi, ‘‘Honda Cars Oita’’ prezidenti Daisuke Kay bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda hududlararo iqtisodiy, madaniy, turistik, ta’lim va huquqiy mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Oita Savdo-sanoat palatasi raisi Yasuaki Yoshimura mamlakatimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit va yuqori iqtisodiy salohiyatdan kelib chiqib, Yaponiya prefekturasi kompaniyalarining O‘zbekistondagi sarmoyaviy faoliyati va hamkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari bilan sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish va qayta ishlash sohasida tajriba almashish, geotermal turizm infratuzilmasini yaratish va boshqarish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish majburiyatini oldilar.

Tomonlar, shuningdek, Oita prefekturasi kompaniyalari vakillarining joriy yilning yozida mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan 4-Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi masalasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.