O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya kichik va o‘rta biznes xalqaro savdo assotsiatsiyasi (SMITA) prezidenti Megan Su bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda Malayziya tomoni O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, qo‘shma biznes loyihalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda salmoqli salohiyat va qulay ishbilarmonlik muhiti mavjudligini ta’kidladi.
Megan Suning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning mintaqadagi strategik joylashuvi va jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti SMITAga aʼzo kompaniyalarni Oʻzbekistonda faoliyat yuritishga qiziqish uygʻotmoqda.
Assotsiatsiya prezidenti mahalliy hamkorlar bilan O‘zbekistonga malayziyalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan chet ellik sayyohlarga yo‘naltirilgan umumiy ovqatlanish tarmog‘ini yaratish, Malayziyaga meva-sabzavot mahsulotlari, shuningdek, O‘zbekistondan mineral o‘g‘itlar eksportini kengaytirish kabi qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi.
O‘zbekistonning “Korzinka”, “Makro”, “Havas” va “Asia.uz” kabi yirik savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qilish, o‘zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ilgari surish uchun maxsus onlayn platforma yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
SMITA 2015-yilda Malayziyadagi kichik va oʻrta korxonalar va startaplarga jahon bozoriga kirishda yordam berish maqsadida tashkil etilgan. Assotsiatsiya Malayziyadagi 100 dan ortiq kompaniyalar (SMITA Malaysia) va boshqa mamlakatlarning ishlab chiqarish, savdo va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi 300 dan ortiq kompaniyalari (SMITA Global) manfaatlarini ifodalaydi.