Xitoyning Foshan shahrida o‘tkazilayotgan “Foshan Food Industry-2025” ko‘rgazmasida O‘zbekiston mahsulotlari namoyish etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Maxsus stendda 10 dan ortiq turdagi eksportbop mahsulotlar, jumladan, O‘zbekistonda yetishtiriladigan va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, dukkaklilar, hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etilmoqda. Mamlakatimizning turizm salohiyatiga oid axborot materiallari, iqtisodiyot tarmoqlari imkoniyatlariga oid videofilmlar ham ko‘rgazma ishtirokchilari e’tiborini tortdi.
O‘zbekiston stendiga Foshan shahri rasmiylari, Guangdong provinsiyasi qishloq xo‘jaligi departamenti rahbarlari, Xitoyning 400 dan ortiq kompaniyasi vakillari tashrif buyurishdi.
Ko‘rgazma doirasida Guangdong provinsiyasidan 60 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirokida “O‘zbekiston hududlarining sarmoyaviy imkoniyatlari” mavzusida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz sanoatining yetakchi tarmoqlarining sarmoyaviy imkoniyatlari, istiqbolli investisiya loyihalari namoyish etildi.
Forum yakunlari bo‘yicha joriy yilning avgust oyida Xitoyning mebel, charm, qurilish materiallari va qishloq xo‘jaligi sanoatida faoliyat yurituvchi bir guruh kompaniyalari delegatsiyasining Buxoro viloyatiga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.