03 fevral 2023

O‘zbekistonlik diplomatlar Germaniya va Shveysariya bilan istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildilar

Germaniyaning Konstans shahrida (Baden-Vyurtemberg federal shtati) O‘zbekiston bosh konsuli Olimjon Abdullayev va O‘zbekiston-Shveysariya Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi raisi Gulnora Salimova o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri. 

Uchrashuvda ikki tomonlama O‘zbekiston-Shveysariya savdo-iqtisodiy hamkorligini chuqurlashtirish, xususan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, O‘zbekiston mahsulotlarini Shveytsariyaga eksport qilish hajmini oshirish imkoniyatlari, tashqi mehnat migratsiyasi mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ta’lim va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

Germaniyaning «GLOBOGATE GmbH» rekruting kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistondan o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini Germaniyada ishga joylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Ayni paytda O‘zbekistondan 160 nafardan ortiq nomzodlar nemis tili bo‘yicha imtihon topshirish va Germaniyaga ishlash uchun jo‘natish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shuningdek, Germaniya sanoat korxonalari uchun O‘zbekistondan ishchilar tayyorlash bo‘yicha Bavariya markazini ochish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarning yana bir muhim yo‘nalishi “Berlitz International Sprachschule” xalqaro til maktabidan milliy ta’lim sohasiga sarmoyalarni jalb qilish imkoniyati bo‘ldi. Joriy yilning fevral oyida Germaniya delegatsiyasi Ta’lim, Bandlik va qashshoqlikni qisqartirish vazirliklari hamda qo‘shma korxona yaratish bo‘yicha potentsial hamkorlar bilan uchrashish uchun tashrif buyuradi. Nemis sarmoyadorlari Toshkent, Angren va Nukus shaharlarida faoliyat yuritayotgan til markazlari hamda ishlayotgan o‘qituvchilarning o‘quv jarayoni va malakasi bilan yaqindan tanishishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, oliy taʼlim va kasb-hunar taʼlimi sohasida Germaniyaning “oʻquv dasturi” tizimini joriy etish va Xalqaro buxgalteriya akademiyasini tashkil etish boʻyicha ikkita yangi loyiha muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Shveytsariyada boʻlib oʻtadigan bahorgi parlament sessiyasi doirasida Oʻzbekiston haqida taqdimot oʻtkazish va Oʻzbekiston-Shveysariya Savdo-sanoat palatasi imkoniyatlaridan foydalangan holda ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.