24 iyul 2025

O‘zbekiston tadbirkorlari Texworld New York City ko‘rgazmasida

23–25-iyul kunlari AQSHning NyuYork shahrida jahon to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri – Texworld New York City xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda, deb xabar qilmoqda SSP matbuot xizmati.

Mazkur nufuzli tadbirda Savdo-sanoat palatasi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ko‘magida hozirda O‘zbekistondan 30 ta yetakchi to‘qimachilik kompaniyasi “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida ishtirok etmoqda.

Milliy ishlab chiqaruvchilar matolar, ip-kalava, tayyor kiyimlar, zamonaviy aksessuarlar va innovatsion yechimlarni namoyish qilmoqda. Ular o‘z mahsulotlarining yuqori sifatini, ekologik tozaligini va jahon standartlariga mosligini xalqaro xaridorlar va ekspertlarga taqdim etmoqda.

Ko‘rgazmada ishtirok etish orqali o‘zbek tadbirkorlari yangidan-yangi eksport bozorlariga chiqish, jahon brendi va riteylerlari bilan uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yish hamda innovatsiya va global trendlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Bu ishtirok nafaqat mahsulotlarimizni targ‘ib etish, balki O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyatini xalqaro maydonda namoyon qilishda muhim qadamdir.