8-11-may kunlari “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi 9-10-may kunlari Krakov shahrida bo‘lib o‘tgan “POLSHOES Footwear Days” xalqaro poyabzal ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Polshada bo‘ldi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
2006-yildan buyon muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rgazma poyabzal va charm buyumlar ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar, butlovchi qismlar, materiallar yetkazib beruvchilar hamda savdo vakillari o‘rtasida hamkorlik maydoni hisoblanadi.
Bu yil tadbirda Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya, Ukraina, Latviya, Litva, Estoniya, Vengriya, Italiya va Buyuk Britaniyadan ulgurji va chakana sotuvchilar, do‘konlar tarmog‘i va elektron tijorat platformalari menejerlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Polsha charm-sanoat palatasi prezidenti Marek Goretski va Polsha poyabzal ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi Karol Kudra bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif yakunlari boʻyicha Polsha tomoni bilan ayollar va bolalar poyabzali ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasini muhokama qilish maqsadida Polsha poyabzal ishlab chiqaruvchilar uyushmasi va Polsha charm-sanoat palatasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. 18-20-oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “UzCharmExpoShoesStar – Eurasia-2023” xalqaro charm, poyabzal va mo‘yna ko‘rgazma-yarmarkasida Polsha poyabzal ishlab chiqaruvchilari ham ishtirok etishga taklif etildi.
O‘zbekistondan Polshaga charm mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.