06 dekabr 2024

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sanoati Yevropa bozorlariga chiqmoqda

Joriy yilning 18-27-noyabr kunlari Yevropa bozoriga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirish maqsadida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning «O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqining Umumlashtirilgan Imtiyozlar Tizimi (GSP+)dan samarali foydalanish» loyihasi bilan hamkorlikda Latviya, Germaniya va Fransiya mamlakatlariga biznes-missiya amalga oshirildi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Jumladan, joriy yilning 18-20-noyabr kunlari Latviyaning Riga shahrida “ELBI”, “KGS GRUPA” kabi yirik meva-sabzavot mahsulotlari import qiluvchi kompaniyalar va Latviyadagi O‘zbekiston savdo uyi vakillari bilan “B2B” uchrashuvlar tashkil etildi va transport logistika masalalari bo‘yicha “ACTS” kompaniyasi bilan muhokama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi elchisi bilan uchrashuv tashkil etilib, Yevropaga eksport salohiyatini oshirishda Latviya, Litva mamlakatlardagi imkoniyatlar muhokama qilindi va Litvaning Klaypeda porti orqali Yevropa bozorlariga chiqish istiqbollari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Nemis hamkorlari bilan yangi savdo imkoniyatlarini izlash doirasida Germaniyaning Gamburg shahrida yirik savdo tarmoqlaridan biri bo‘lgan “EDEKA” va Bremendagi “DEDEBIO International” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur kompaniyalar tomonidan yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlariga qiziqish bildirildi va mahalliy mahsulot namunalari taqdim etildi hamda dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Berlindagi “Berliner Grobmarkt” meva-sabzavot mahsulotlari savdo kompleksida “Keuthmann”, “Lykos” va “Sonnenfrutch” kabi meva-sabzavot mahsulotlari import qiluvchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv tashkil etilib, mahsulot namunalari tekshiruvi va narxlari tahlilidan so‘ng shartnoma imzolashga kelishib olindi.

Fransiyada “Adla Sp Z O. O” kompaniyasi vakillari bilan quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarni Fransiya, Polsha va Niderlaniya bozorlariga eksport hajmlarini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Fransiyadagi eng yirik ulgurji meva-sabzavot bozori hisoblangan “Rungis” bozoriga tashrif buyurib, “Saisof”, “Raphael Primeurs SAS” kabi importchi kompaniyalar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Bundan tashqari, Fransiyadagi oziq-ovqat importi bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek tadbirkorlari bilan uchrashuv tashkil etilib, Yevropa bozoriga mahsulotlarni uzluksiz va barqaror yetkazib berish hamda keyinchalik Parijda O’zbekiston savdo uyining ochilishi muhokama qilindi.

Umuman olganda, tashrif davomida O‘zbekiston agrosanoat tarmog‘ida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifati va raqobatbardoshligi sababli Yevropa import kompaniyalarining o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligi qayd etildi.