30 iyun 2025

O‘zbekiston-Pokiston biznes hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi (SSP) rahbariyati hamda tadbirkorlar delegatsiyasi, shuningdek, Ravalpindi va Islomobod shaharlari Savdo-sanoat palatalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo news” axborot agentligi muxbiri.

Forumlar ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada chuqurlashtirish, yangi qo‘shma loyihalar uchun zamin yaratishga qaratilgan edi.

Ravalpindi SSPda o‘tkazilgan biznes-forumda qishloq xo‘jaligi, terini qayta ishlash, farmatsevtika, turizm, qurilish, logistika va savdo sohalarida faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq pokistonlik tadbirkorlar ishtirok etdi. Palata raisi Shavkat Usmon O‘zbekiston-Pokiston savdo munosabatlarining holati va bu jarayonda SSPning o‘rni haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston SSP raisi o‘rinbosari Akobir To‘xtayev mamlakatimizdagi sarmoyaviy muhit, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Muhokamalar yakunida yil oxirigacha Oʻzbekiston-Pokiston qoʻshma savdo-sanoat palatasini tashkil etish va sanoat delegatsiyalari almashinuvini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.

Islomobod Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan biznes-forumda 70 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi. Palata raisi Nosir Qureyshi ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Oʻzbekistonlik tadbirkorlik subʼyektlari vakillari mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari va raqamli savdo sohasida istiqbollar haqida taqdimot qildilar.

Forumlar doirasidagi B2B uchrashuvlarida to‘qimachilik, farmatsevtika, charm va junni qayta ishlash sanoatida qo‘shma loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Yakunda joriy yilda Islomobod palatasi delegatsiyasining Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sirdaryo va Buxoro viloyatlariga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.