2025-yil 16-iyul kuni Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda agentlik matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida agentlik direktori elchi janoblariga O‘zbekiston farmasevtika bozorining hozirgi holati, uning eksporti salohiyati va ‘‘Tashkent Pharma Park’’ innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasterida amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, farmasevtika klasteri loyihasi doirasidagi infratuzilma, xalqaro standartlarga muvofiq tartibga solish tizimi, R&D markazlari, biotexnologiya korxonalari, genomika markazi va klinik tadqiqotlarga oid imkoniyatlar muhokama qilindi.
Elchi janoblari AQSh kompaniyalari va ilmiy muassasalarining O‘zbekistondagi salohiyatli hamkorlik imkoniyatlariga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi. Tomonlar AQSh Oliy ta’lim muassasalari va tadqiqot institutlari bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, FDA tartiblari bo‘yicha axborot va o‘quv dasturlarini tashkil etish, klinik tadqiqotlar va texnologiya transferi sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Fulbright, Faculty Enrichment, IVLP va boshqa dasturlar doirasida hamkorlikni kuchaytirish, tadqiqotchilar uchun grant va tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy muloqot va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.