23 iyul 2025

Anqarada O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi

O‘zbekiston elchisi Ilhom Haydarov Turkiya tovar palatalari va birjalari ittifoqi (TOBB) prezidenti Rifat Hisarjiklio‘g‘li bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Turkiya Palatalar va birjalar ittifoqi 1950-yil 8-martda Anqara shahrida tashkil etilgan boʻlib, barcha mintaqaviy savdo-sanoat palatalari hamda tovar birjalarining birlashmasi hisoblanadi. Bugungi kunda ittifoq tarkibiga 367 palata va birjalar kiradi, 2 millionga yaqin korxona uning aʼzosi hisoblanadi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Rifat Hisarjiklio‘g‘li O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgani, u yerda o‘zbek va turk ishbilarmon doiralari bilan bir qator tadbirlar va biznes-forumlarda ishtirok etgani bilan o‘rtoqlashdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan 2023-yil aprel oyida Turkiyaning TOGG milliy elektromobilini taqdim etgan uchrashuvini iliqlik bilan esladi.

Uchrashuvda TOBB ETU universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish va Anqaradan malakali oʻqituvchilarning Toshkentga tashrifini yanada oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Hozirda Anqarada TOBB ETU universitetining Toshkent filialidan 30 nafar talaba tahsil olmoqda.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ittifoqning Turkiya iqtisodiy siyosatini o‘rganish jamg‘armasi (TEPAV) faoliyati bilan yaqindan tanishish, uning tajriba va imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

TOBB prezidenti 2024-yildan buyon toʻqimachilik, charm poyabzal, qurilish materiallari, shisha, mebel, farmatsevtika va zargarlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlar faol amalga oshirilgani, qoʻshma loyihalar boʻyicha muzokaralar olib borilayotganini maʼlum qildi.

Joriy yilning sentabr-oktyabr oylarida Istanbul shahrida “O‘zbekiston investorlari kuni”ni birgalikda tashkil etish, mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.