O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Belgradda Serbiya Ichki va tashqi savdo vazirligi davlat kotibi Nikola Stoyanovich bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashib, mavjud salohiyatdan faol foydalanish muhimligini ta’kidladilar.
Oʻzaro hamkorlikning ikki tomonlama mexanizmlarini, jumladan, Oʻzbekiston-Serbiya Hukumatlararo komissiyasi faoliyatini tayyorlash va ishga tushirish, shuningdek, asosiy yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari, jumladan, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va tegishli hukumatlararo bitimlarni tuzish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.