O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Serbiya Qishloq, o‘rmon va suv xo‘jaligi vazirligining xalqaro hamkorlik va xalqaro tashabbuslar bo‘yicha Davlat kotibi Stana Bozovich bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda tomonlar qishloq, o‘rmon va suv xo‘jaligida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Urug‘chilik, fitosanitariya, veterinariya, irrigatsiya va suvdan oqilona foydalanish sohalarida hamkorlikda ish olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Serbiya tomoni O‘zbekistonning tegishli vazirliklari bilan o‘zaro hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi va qo‘shma tashabbuslarni boshlash uchun zarur huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni ishlab chiqishga tayyorligini tasdiqladi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirish boʻyicha amaliy qadamlarni tayyorlash maqsadida ikki davlatning tegishli idoralari darajasida muloqotni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.