11 sentabr 2024

Bryusselda Yevropaning yetakchi kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekistonning sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimizning sarmoyaviy, eksport va savdo-iqtisodiy salohiyati bilan tanishtirdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbir Yevropa kichik va o‘rta korxonalar assotsiatsiyalari konfederatsiyasi (Yevropa tadbirkorlari CEA-PME) bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unda Yevropaning 30 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan tub islohotlar, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari, respublikada sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgarishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, taqdimot doirasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yutuqlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar haqida maxsus materiallar taqdim etildi. Yevropalik ishbilarmonlar O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi.