Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining 10-majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Vengriya tomonidan tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad oliy darajada erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini muhokama qilish, shuningdek, muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘ldi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, fan va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya Hukumatlararo komissiyasining Bayonnomasi imzolandi, unda erishilgan kelishuvlar birlashtirildi va yaqin istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.
Shuningdek, rasmiy dastur doirasida ikkita muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi o’rtasida ‘‘Stipendium Hungaricum’’ dasturi doirasida 2024–2026-yillarda hamkorlik qilish to’g’risidagi o’zaro anglashuv memorandumi, hamda O‘zbekistonning ‘‘Basalt Group’’ kompaniyasi va Vengriyaning ‘‘MOL’’ energetika kompaniyasi o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Tadbir ikki davlatning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi bilan yakunlandi.