O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning ‘‘GANZ-KK’’ kompaniyasi bosh direktori Gergego Szabo bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Yig‘ilishda O‘zbekiston energetika tarmog‘i uchun zamonaviy uskunalarni qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kompaniya vakillarining 17-18-oktyabr kunlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadigan biznes-forumda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.
‘‘GANZ-KK’’ o‘z faoliyat doirasini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishni rejalashtirayotgani ta’kidlandi. Kompaniya vakillari asosiy e’tiborni yosh iste’dodlarni jalb etish, ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish va raqamlashtirishga qaratdi. Ixtisoslashgan va noyob qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Vengriya kompaniyasi rahbariyati hozirgi bosqichda Oʻzbekistonda uning mahsulotlariga boʻlgan talab oʻrganilayotgani, keyingi bosqichda esa oʻzbekistonlik hamkorlar bilan ishlab chiqarishni tashkil etish, qoʻshma korxona tashkil etish va Oʻzbekiston hududlarida toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya kiritish imkoniyatlarini oʻrganish nazarda tutilayotganini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 17-18-oktyabr kunlari ‘‘GANZ-KK’’ vakillarining mamlakatimizdagi potentsial hamkor tashkilotlar bilan muzokaralar olib borish uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.