Dehlida O‘zbekiston elchixonasi va Hindiston import qiluvchilar Savdo-sanoat palatasi hamkorligida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Elchi Sardor Rustambaev mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan boy sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, respublikaning eksport va sarmoyaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirish, ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan dolzarb vazifa – o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir milliard dollarga yetkazish borasidagi izchil ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Hindistonning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Smita Pant ishbilarmon doiralar vakillarini, jumladan, Hindiston importchilar savdo-sanoat palatasi a’zolarini ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda faol bo‘lishga, biznes va investitsiyaviy faoliyat yuritish uchun yaratilgan qulay muhitdan foydalanishga chaqirdi.
Anjumanda 2-3-may kunlari O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari, uning doirasida imzolangan hujjatlarning ahamiyati va erishilgan kelishuvlar muhokama qilindi.
– Biz O‘zbekistonga besh kunlik sayohat qildik va Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdik, – deydi “Ashok Leyland” kompaniyasining korporativ masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Yash Pal Sachar. – Forumda ishtirok etishdan tashqari “Uzavto Motors” kompaniyasida bo‘lib, o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Bundan tashqari, Toshkentning ko‘plab diqqatga sazovor joylari va o‘zbek oshxonasi bilan tanishdim. Bu menda unutilmas taassurot qoldirdi. Eng muhimi, biz o’zaro hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini his qildik va ulardan imkon qadar tezroq foydalanish zarurligini angladik.
Davra suhbatida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi transport-logistika tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston mahsulotlarini Hindiston bozoriga olib chiqish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.