O‘zbekiston bosh konsuli Sirojiddin Shamsuddinov Jidda Savdo-sanoat palatasi bosh kotibi Ramiz Mansur al-G‘olib bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini Saudiya Arabistonida keng targ‘ib qilish, mamlakatimizga xorijiy sarmoyalarni jalb etish, ikki mamlakat ishbilarmon ayollari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bosh konsul O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkor ayollarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, shuningdek, xorijiy davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, mamlakatimizning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati, “Build Pro Expo 2025” xalqaro ko‘rgazmasi haqida gapirdi.
Bosh kotib Ramiz Mansur Al-G‘olib Saudiyaning “Acwa Power”, “DataVolt”, “Vision” kabi kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ko‘plab sarmoyaviy loyihalarni yuqori baholab, bu Saudiyaning boshqa yirik kompaniyalari va tadbirkorlarini mamlakatimizga sarmoya kiritishga undashini ta’kidladi.
Uchrashuvda ikki davlat ishbilarmon ayollarining birinchi uchrashuvini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Saudiya Arabistoni vakili Jidda shahri ishbilarmon ayollarning birinchi O‘zbekiston-Saudiya forumini o‘tkazishga tayyorligini tasdiqladi.
Forum doirasida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmasi hamda “Welcome to Uzbekistan” shiori ostida sayyohlik va hunarmandchilik yarmarkasi tashkil etish rejalashtirilgan.