O‘zbekiston Bosh konsulligida Saudiya Arabistonining yirik tadbirkori Muhammad Sindi bilan mamlakatimizda sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va biznes loyihalarini amalga oshirish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Suhbat chog‘ida mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik subyektlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Oʻz navbatida saudiyalik tadbirkor Oʻzbekistonda tibbiyot buyumlari, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, shuningdek, agrosanoat tarmogʻiga sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi.
Muloqot chog‘ida Muhammad Sindi mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish bo‘yicha uning raqobatbardoshligini yanada oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash orqali iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakatimiz hududlariga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida saudiyalik tadbirkor respublikadagi biznes-rejalarini tezroq amalga oshirish uchun bir qator zarur ma’lumotlarni olishda yordam so‘radi.