16 iyul 2025

Farmagentlikda Fransiyaning ‘‘Sanofi’’ kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 14-iyul kuni Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va ‘‘Sanofi’’ kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston hududida shartnoma asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini baholash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda mahalliy sheriklar bilan amaliy hamkorlik mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Asosiy muhokama mavzularidan biri sifatida ikki yo‘nalishda vaksinalar ishlab chiqarish masalasi ko‘tarildi. Loyihani amalga oshirish maqsadida dastlab sinov tizimida ishlarni boshlash va pilot loyihani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, klinik tadqiqotlar va ilmiy-tadqiqot (R&D) sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha imkoniyatlar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ‘‘Sanofi’’ kompaniyasi o‘zining loyiha doirasidagi biznes rejasi va amalga oshirish jadvalini tayyorlab, O‘zbekiston tomoniga taqdim etishiga kelishildi.