22 may 2025

Gamburgda O‘zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati namoyish etildi

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan “Laurea Germania” kompaniyasi bilan hamkorlikda Gamburg shahrida mamlakatimizning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiyot, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Gamburg ishbilarmon doiralari vakillari, yuridik va konsalting kompaniyalari rahbariyati, investorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir mehmonlariga mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilayotgan natijalar, xorijiy kompaniyalar va investorlar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan yutuqlar haqida ma’lumotlar berildi. “Invest in Uzbekistan!” videofilmida Yangi O‘zbekiston qiyofasi va uning xalqaro iqtisodiy jozibadorligini aks ettiruvchi rang-barang illyustratsiyalar namoyish etildi.

“Laurea Germania” kompaniyasi bosh direktori Soren Kroll yig‘ilganlarni o‘z kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyati, uzoq muddatli hamkorlik aloqalari, biznes yuritish va sarmoya kiritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar bilan tanishtirdi. U nemis kompaniyalarini nafaqat O‘zbekistonga sarmoya kiritish, balki Germaniya va Yevropada o‘zbek kompaniyalarining sho‘’ba va filiallarini ochishda ham faol hamkorlik qilishga chaqirdi.

Tadbirning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan qismida joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi, mamlakatimizning boy ma’naviy-madaniy merosi, betakror tabiati va qadimiy shaharlari, sayyohlik maskanlari, zamonaviy turizm infratuzilmasi haqida ma’lumotlar berildi.

Taqdimot so‘ngida “O‘zbekistonga xush kelibsiz!” videoroligi namoyish etildi. ko‘rsatildi. Taqdimot doirasida milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, mehmonlarga o‘zbek milliy taomlaridan taomlar taqdim etildi.

Qayd etish joizki, Gamburg shahri Germaniyaning federal yeri maqomiga ega. Bu 2 millionga yaqin aholiga ega bo’lgan mamlakatning ikkinchi yirik shahri. Gamburg porti Yevropada Rotterdamdan keyin ikkinchi, dunyoda esa to‘qqizinchi o‘rinda turadi. Savdo-iqtisodiy salohiyati tufayli u “Dunyo darvozasi” deb ataladi. Port hududida kemasozlik, neftni qayta ishlash va logistika rivojlangan. Bu yerda mamlakatning yetakchi aviatsiya, sug‘urta va media kompaniyalari faoliyat yuritadi. 32 mingdan ortiq savdo-xo‘jalik jamiyatlari ro‘yxatga olingan. Gamburg Evropa va Sharqiy Osiyo o’rtasidagi muhim savdo nuqtasidir.