O‘zbekiston elchixonasi vakillari hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish maqsadida Pokistonning Sargodha shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Sargodha shahri Panjob viloyatida joylashgan boʻlib, Pokistonning yirik sanoat va qishloq xoʻjaligi markazlaridan biridir. Aholisi taxminan 1 million kishi. Shahar metall quyish, shisha va toʻqimachilik sanoati, poyabzal, pestitsidlar, dizel dvigatellar ishlab chiqarish, shuningdek, Yevropa bozori uchun sertifikatlangan elektr jihozlari bilan mashhur. Sargodha o’zining tsitrus mevalari, ayniqsa ‘‘Kinnow’’ mandarinlari bilan ham mashhur.
Sargodha Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda sanoat va qishloq xo‘jaligi sohasida katta salohiyatga ega Pokistonning ushbu mintaqasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tadbirda 50 dan ortiq mahalliy ishbilarmon doiralar, kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etdi.
Palata birinchi vitse-prezidenti Muhammad Imron o‘zining kirish so‘zida ikki davlat o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini faol yo‘lga qo‘yish uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgani, bu sargodalik tadbirkorlarda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, O‘zbekiston EIZda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishning afzalliklari taqdimoti bo‘lib o‘tdi, ishtirokchilarga zarur statistik ma’lumotlar berildi.
Savol-javob chog‘ida qator yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bilan bog‘liq bojxona jarayonlarini optimallashtirish, nodir metallarni qazib olish va zargarlik sanoati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, parrandachilik va raqamli texnologiyalar sohalarida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, sholining yuqori sifatli navlarini yetishtirish va yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha Sargoda va Oʻzbekiston tadbirkorlari delegatsiyalari oʻrtasida oʻzaro tashriflar va B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish, shuningdek, Toshkent shahrida Sargodha korxonalari mahsulotlarining maxsus koʻrgazmasini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida Sargodha shahri bilan agroeksport, elektrotexnika, zargarlik va raqamli texnologiyalar sohalarida keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham maqsadli rejalar belgilab olindi.