04 iyul 2025

Guanchjouda O‘zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Guanchjou shahrida Xitoy xalqaro kichik va o‘rta korxonalar yarmarkasi (‘‘China International Small and Medium Enterprises Fair’’) bo‘lib o‘tdi, unda “O‘zbekistonning sarmoya va turizm imkoniyatlari” mavzusidagi taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

O‘zbekiston Bosh konsulligi vakillari ishtirokchilarga xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qulay va xavfsiz ishbilarmonlik muhiti, imtiyoz va preferensiyalar tizimi, hududlardagi istiqbolli tarmoqlar va istiqbolli loyihalar haqida so‘zlab berdi.

Ishtirokchilar mamlakatlarimiz o‘rtasida vizasiz rejim va hududlararo aviaqatnovlar soni muntazam ortib borayotgani, bu, o‘z navbatida, biznes vakillari va sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy almashinuv va hamkorlikni faollashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladilar.

Yarmarka doirasida o‘zbekistonlik diplomatlar Guangdong provinsiyasi biznes federatsiyasi vitse-prezidenti Gao Yilin bilan uchrashib, xorijiy investorlarga taklif etilayotgan istiqbolli loyihalarni o‘rganish maqsadida Xitoyning mamlakatimiz hududlariga biznes missiyalarini tashkil etish, shuningdek, forum, ko‘rgazma va yarmarkalarda tadbirkorlarning ishtirokini ta’minlash masalalarini muhokama qildi.

Xitoy Xalqaro kichik va o’rta korxonalar yarmarkasi Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hamda Guangdong provinsiyasi hukumati tomonidan 2004 yildan buyon o’tkazib kelinmoqda. Yarmarkada 1000 dan ortiq korxona ishtirok etmoqda. 100 000 dan ortiq tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb etuvchi ushbu platforma mahalliy korxonalarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish, butun dunyodan xaridorlar bilan aloqa o‘rnatish va yangi biznes imkoniyatlarini ochish imkonini beradi.