Bosh konsulxona tashabbusi bilan «Yangi O‘zbekiston bilan savdo, iqtisodiy va innovatsion hamkorlikni chuqurlashtirish» mavzusida videokonferensiya vositasidagi biznes-forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Guanchjou shahar maʼmuriyati, Xitoy Tijorat vazirligi shahar byurosi, MDH mamlakatlari bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Guandun ittifoqi rahbariyati, Guandun provinsiyasi biznes vakillari, shuningdek, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyati hokimligi mutasaddilari hamda mamlakatimizdan eksportyor kompaniyalar vakillari qatnashdilar.
O‘zbekiston tomoni xitoylik hamkorlik uchun tahliliy taqdimot o‘tkazdi.
Unda O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, ishlab chiqarilayotgan mahalliy eksport mahsulotlari, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarining iqtisodiy holati va xitoylik tadbirkorlar uchun qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, shuningdek, so‘nggi 6 yil ichida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va sayyohlik yo‘nalishlarida yaratilgan imkoniyatlar va mavjud biznes salohiyati haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
Muhokamalar natijasida Xitoy importyor kompaniyalari hamda mamlakatimiz eksportyor korxonalari va hokimliklar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi.