30 iyun 2025

Hindistonda O‘zbekistonning sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati namoyish etildi

Dehlida boʻlib oʻtgan xalqaro biznes anjumanida Oʻzbekiston elchixonasi mamlakatimizning sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyatini taqdim etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Hindistonning Global savdo va texnologiyalar kengashi (GTTCI) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning yetakchi kichik va o‘rta korxonalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Elchi Sardor Rustamboyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari, xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillari bilan iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, ularning sarmoyaviy faoliyati uchun yaratilgan jozibador muhit, Hindiston kompaniyalarining mamlakatimizdagi muvaffaqiyatli tajribasi haqida gapirdi.

Farmatsevtika, to‘qimachilik, ipakchilik, charm sanoati, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish uchun salmoqli salohiyat mavjudligiga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning hali toʻliq foydalanilmayotgani, xususan, Hindiston bozoriga Oʻzbekistonda yetishtiriladigan ekologik toza va oʻziga xos taʼmli meva, sabzavot va quritilgan mevalar eksporti hajmini oshirish istiqbollari alohida taʼkidlandi.

Savdo va texnologiyalar boʻyicha global kengash raisi Rashmi Saluja Oʻzbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy munosabatlarining istiqbollariga toʻxtalar ekan, hindistonlik tadbirkorlarni Oʻzbekiston bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdi. Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarining yuksak ahamiyatini qayd etib, xalqaro maydonda “Yangi O‘zbekiston” tushunchasi shakllangani, respublikamiz mutlaqo yangi qiyofa kasb etayotgani, bu o‘zgarishlar ham yirik shaharlarda, ham viloyatlardagi kichik shaharchalarda ham o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi.

Tadbir davomida Hindiston delegatsiyasining IV Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi faol ishtiroki, erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarning mazmun-mohiyati ham muhokama qilindi.

Ishbilarmonlik anjumani doirasida Hindiston kompaniyalari vakillari bilan O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish, sarmoya jalb etish va mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksporti hajmini oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.