24 iyul 2025

Hindistonda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va ta’lim salohiyati namoyish etildi

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi hamda Hindistonning Global savdo va texnologiyalar kengashi (GTTCI) hamkorligida tashkil etilgan “Investor Day” xalqaro forumida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va ta’lim salohiyati namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev yig‘ilganlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanish jarayonlari samaralari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida erishilayotgan yuksak yutuqlar, shuningdek, turli mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillari bilan jadal rivojlanib borayotgan sheriklik aloqalari haqida so‘zlab berdi.

Izchil islohotlar samarasida O‘zbekiston bilan xorijiy davlatlar, jumladan, Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib borayotgani, to‘qimachilik sanoati, axborot texnologiyalari, farmatsevtika, ta’lim, turizm va boshqa sohalardagi yutuqlarda yaqqol namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi.

GTTCI raisi Rashmi Saluja O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar va bu boradagi xalqaro hamkorlik haqida gapirdi. Mamlakatimizda hind tadbirkorlari ishtirokidagi qo‘shma korxonalar ko‘lami kengayayotgani o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Hindiston Global savdo va texnologiyalar kengashi delegatsiyasi joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etib, mamlakatimizning turli kompaniya va muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Jumladan, GTTCI yangi o‘quv yilidan boshlab Qo‘qon universitetining Andijon filialiga Hindistondan talabalarni ishga qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu rejalar ijrosi doirasida 2025/2026 o‘quv yilida 300 nafar hindistonlik o‘g‘il-qizni mazkur oliy ta’lim muassasasiga jalb etish ishlari boshlab yuborildi. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 8 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Talabalar O‘zbekistonda olgan nazariy bilimlarini Hindistondagi eng yirik tibbiyot muassasalaridan biri – Gangaram shahridagi shifoxonada amaliyotda mustahkamlaydi.

Tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “7 Saber” korxonasining ishlab chiqarish salohiyati, bu yerda tayyorlanayotgan sifatli va xalqaro miqyosda raqobatbardosh mahsulotlar, korxonaning eksport geografiyasi ham namoyish etildi.

“Investor kuni” forumi doirasida Hindiston kompaniyalari vakillari bilan Oʻzbekistonda yangi biznes loyihalarni amalga oshirish, sarmoyalarni jalb qilish va oʻzbek mahsulotlari eksporti hajmini oshirish masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan muzokaralar oʻtkazildi.