29 aprel 2024

Hindistonda O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston elchixonasi va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

FICCI 1927-yilda tashkil etilgan va Hindistondagi eng yirik biznes tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tuzilma xususiy va davlat sektorlariga, transmilliy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatadi.

Tadbirda Hindistonning Hinduja Group, Ashok Leyland, Larson&Tubro, Cipla va boshqa yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari, jumladan, savdo-iqtisodiy faoliyat uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xorijiy tadbirkor va investorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, eksport salohiyati haqida atroflicha to‘xtaldi. Diplomat Oʻzbekiston-Hindiston ishbilarmonlik hamkorligining bugungi holati va istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdi, shuningdek, joriy yilning may oyida boʻlib oʻtadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida hindistonlik ishbilarmonlarning katta delegatsiyasi ishtirok etishi kutilayotganini taʼkidladi.

Sundev Renewables kompaniyasi asoschisi Devin Narang Hindiston-O‘zbekiston savdo-iqtisodiy munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa, keyingi 6-7 yilda ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Bu aloqalarni yanada rivojlantirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, ikki tomonlama iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi.

Jonli muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Hinduja Group konglomerati boʻlim boshligʻi Suren Alimchandani kompaniyaning Oʻzbekistonda avtomobil motor moylarini ishlab chiqarish, shuningdek, Oʻzbekiston mineral oʻgʻitlarini xarid qilish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirishdan manfaatdorligi haqida gapirib, bo’lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ushbu masalalar yuzasidan muzokaralar olib boradi.

MIER Group kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Gopal Sood O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasida erishayotgan yutuqlaridan yaxshi xabardor ekanliklarini, hozirda kompaniya oziq-ovqat sanoati sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganayotganini ta’kidladi.

– Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalari mavjud, – dedi FICCI Bosh kotibi Shaylesh Pathak. – Shu bois joriy yilda Markaziy Osiyo – Hindiston ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishiga mezbonlik qilish uchun Toshkent shahri saylangani bejiz emas. Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, qayta tiklanadigan energiya manbalari, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, elektromobillar ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab sohalarda samarali hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjud.

FICCI Bosh kotibi bilan muzokaralar chog‘ida ushbu federatsiya va O‘zbekiston biznes tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

«FICCI butun Hindiston bo’ylab 250 mingdan ortiq a’zoga ega», – deb davom etdi Shaylesh Pathak. – Toshkent, Samarqand yoki O‘zbekistonning boshqa hududlarida faoliyat yuritayotgan kompaniya va tadbirkorlar uchun Hindistonda ishonchli va istiqbolli hamkorlar topishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Shuningdek, biz har yili «FICCI Frames» deb nomlangan media va ko’ngilochar tadbirni o’tkazamiz. Ularda Shohruh Xon, Karina Kapur va boshqa mashhur kino aktyorlari ishtirok etishadi. Biz O‘zbekistonni navbatdagi tadbirimizga hamkor davlat bo‘lishga taklif qilishdan mamnunmiz.

Davra suhbati ishtirokchilarining tadbir davomida va onlayn rejimida berilgan savollariga O‘zbekiston diplomatik missiyasi vakillari atroflicha javob berdi.