O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston dengiz ishlari vaziri Muhammad Junayd Anvar Chaudri bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama sanoat hamkorligining dolzarb masalalari, xususan, dengiz va quruqlik portlarida terminallar yaratish, transport-logistika sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar yangi bozorlarga birgalikda kirish ularning jahon iqtisodiyotidagi ulushini mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etib, barcha sohalarda munosabatlarni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, dengiz va quruqlik transport-logistika sohasi muhim o‘rin tutadi.
Pokiston dengiz portlari Osiyo, Yevropa va Afrika o‘rtasidagi global logistika zanjirlarida muhim geostrategik bo‘g‘in ekanligini hisobga olib, O‘zbekiston yuklari uchun maxsus terminal ochish masalasi ko‘rib chiqildi.
Pokiston dengiz ishlari vaziri bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va o‘zbekistonlik tadbirkorlarni dengiz portlaridagi infratuzilma – port terminallari, omborxonalar va bojxona omborlarini birgalikda boshqarishga chaqirdi.
Termiz shahridagi “Ayrit” erkin savdo zonasida pokistonlik hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish loyihasi ham atroflicha ishlab chiqildi, jumladan “quruqlik porti” – logistika markazini tashkil etish.
Suhbat chog‘ida transport va logistika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish tashabbusi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, iqtisodiy diplomatiya sohasidagi hamkorlik, jumladan, baliqchilik, dengiz mahsulotlari yetishtirish va dengiz suvini tuzsizlantirish sohasidagi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu masalalar yuzasidan ikki davlat rasmiy vazirliklari oʻrtasidagi muloqotni davom ettirish, onlayn muzokaralar oʻtkazish va oʻzaro tashriflarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.