Qohirada O‘zbekiston-Misr qishloq xo‘jaligi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Unda Qashqadaryo viloyati va Misr davlatlaridan tadbirkorlar ishtirok etdi. “Agro Gold Premium”, “Kitob yetti xazina”, “Shahrisabz Premium” kompaniyalari vakillaridan iborat Qashqadaryo viloyati delegatsiyasiga viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqov boshchilik qildi. Misr tomonidan Misr qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi rahbariyati, ‘‘EFC Plants Tissue Culture S.A.E.’’, ‘‘Daltex Corporation’’, ‘‘Ms Al Saad Group’’, ‘‘Nile Sugar’’, ‘‘Pharaoh for Agriculture and Investment0’’, ‘‘KHBC’’ va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Misrning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, kartoshka va qand lavlagi yetishtirish tajribasini o‘rganish, bu tajribadan O‘zbekistonda sifatli urug‘lik kartoshka yetishtirish, qishloq xo‘jaligi sohasiga sarmoya jalb etishdan iborat edi.
Tadbir doirasida G2B va B2B formatlarida muhokama va muzokaralar o‘tkazildi.
Biznes-forum yakunlari bo‘yicha ‘‘EFC Plants va Agro Gold Premium’’ o‘rtasida yuqori hosildor urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hamkorlikning navbatdagi bosqichi sifatida O‘zbekistonda urug‘lik kartoshka yetishtirishning to‘liq tsiklini mahalliylashtirishni nazarda tutuvchi istiqbolli loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Cho‘l hududlari va yangi yerlarni o‘zlashtirish, zamonaviy irrigatsiya tizimlarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini aniqlash bo‘yicha tajriba almashish maqsadida yaqin kelajakda “Dalteks” korporatsiyasi bosh direktori Ahmad Al-Naggar boshchiligidagi delegatsiya ham O‘zbekistonga tashrif buyuradi.