O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Savdoni rivojlantirish boshqarmasi (TDAP) rahbari Zubayr Motival bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Pokistonning Karachi shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda TDAP rahbari o‘rinbosarlari va xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga mas’ul bo‘limlar vakillari ham ishtirok etdi.
Tomonlar o‘zaro savdoni kengaytirish va eksport-import assortimentini diversifikatsiya qilish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imtiyozlar taqdim etildi.
Uchrashuvda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishning yangi yoʻnalishlari, jumladan, ikki mamlakatda oʻtkaziladigan savdo-sanoat koʻrgazmalarida tomonlarning doimiy ishtirokini taʼminlash, savdo uylari oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish va onlayn platformalar yaratish orqali mamlakatlar mahsulotlaridan xabardorligini oshirish, O‘zbekiston va Pokistonning barcha turdagi mahsulotlari to‘g‘risida ma’lumot olish imkonini beruvchi onlayn platformani yaratish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Pokiston tomoni 2024-yil iyun oyida Toshkentda tashkil etilgan “Made in Pakistan” sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tganini qayd etib, ushbu tadbirni o‘tkazishda ko‘rsatgan yordami uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. TDAP rahbari O‘zbekiston vakillarini joriy yilda Lahor shahrida bo‘lib o‘tadigan “FoodAg Manufacturing Show” va “4th Engineering and Healthcare Show” ko‘rgazmalarida ishtirok etishga taklif qildi.
Uchrashuvda Karachi shahri va O‘zbekiston viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida Karachi shahrining O‘zbekiston hududlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligini yana-da rivojlantirish, biznes jamiyatlari o‘rtasida aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish choralari ham muhokama qilindi. TDAP vakillari Toshkent–Karachi yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro bank to‘lovlari masalalari yuzasidan o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdi.