O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Karachi shahrida TCS transport-logistika kompaniyasi rahbari Xolid Avan bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida tizimli savdo aloqalarini taʼminlash, tovarlarni oʻz vaqtida va sifatli yetkazib berish mexanizmlari, Oʻzbekiston va Pokistonning transport-tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish masalalari muhokama qilindi.
TCS rahbari O‘zbekiston Prezidenti bilan 2022-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni iliq eslab, davlat rahbarining mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlash tashabbusi Oʻzbekiston va Pokiston tranzit-transport markazlari salohiyatidan toʻliq foydalanish, havo, avtomobil va temir yoʻl infratuzilmasi salohiyatidan oqilona foydalanish, shuningdek, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini maksimal darajada oshirishga xizmat qiladi”, — dedi u.
Pokiston tomoni O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yuk qatnovlarini ochish va qisqa muddatda yetkazib berilishi zarur bo‘lgan tez buziladigan mahsulotlarni tashish uchun keng imkoniyatlar yaratishga tayyorligini bildirdi. Korxona rahbari, shuningdek, turizm sohasida Yevropa va Amerika davlatlari bilan hamkorlik tajribasidan kelib chiqib, mamlakatimiz bilan aloqalar o‘rnatishni rejalashtirayotganini aytdi.