17 iyun 2025

Xitoyning Xaynan provinsiyasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Xitoyning Xaykou shahrida O‘zbekiston-Xaynan (Xitoy) savdo-iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Bosh konsulligi ko‘magida Xitoyning Xaynan provinsiyasi tashqi savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi va mamlakatimiz yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forumda qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, yashil energetika, oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik sanoati, turizm va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq mahalliy korxona, xo‘jalik tashkiloti va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilari uchun O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm va ta’lim sohalaridagi salohiyati, yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.

B2B muzokaralarida O‘zbekistonda qo‘shma tadbirlar va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, turizm va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar Xaynan provinsiyasidagi savdo-sanoat va sarmoya palatalari, shuningdek, yirik korxonalar bilan 10 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzoladi.