20 avgust 2024

Xitoyning Yiwu shahrida O‘zbekiston hududlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Xitoyning Chjejiang provinsiyasining Yiwu shahrida “Bir makon, bir yo‘l” dasturiga bag‘ishlangan savdo-iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Xitoy nodavlat tashkiloti ‘‘Elchi uyi’’ va Yiwu savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Pekin va Shanxay diplomatik korpuslari vakillari, shuningdek, Chjejiang provinsiyasidagi 50 ga yaqin turli kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida mamlakatimizning Shanxaydagi Bosh konsulligi tomonidan mamlakatimizning eksport salohiyati va turizm sohasidagi imkoniyatlarga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Xususan, mamlakatimizda xorijlik tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, sarmoyaviy hamkorlik va savdo sohasidagi yutuqlar ishtirokchilar e’tiboriga qaratildi.

Tadbir davomida Chjejiang provinsiyasidagi kompaniyalar va O‘zbekiston ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan Xitoy kompaniyalari vakillari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.