O‘zbekiston Bosh konsulligi Xitoyning “Bir belbog‘, bir yo‘l” almashinuv va texnologiyalar transferi markazi (BRETTC) bilan hamkorlikda “Buxoro viloyati – Shenchjen: savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm hamkorligi” mavzusida biznes-forum tashkil qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimligi va ishbilarmon doiralari hamda “yashil” energetika, farmatsevtika va tibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq Xitoy kompaniyasi, tarmoq birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotlarda O‘zbekiston hududlari, xususan, Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyati, mavjud infratuzilma, istiqbolli ishlab chiqarishlar, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalarda yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar tizimi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Buxoro viloyatida mebel sanoatini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbatida 10 dan ortiq mahalliy korxona ishtirokida hamkorlikda tadbirlar tashkil etish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha BRETTC markazi Xitoyda Buxoro viloyatining investitsion jozibadorligini targ‘ib qilish bo‘yicha kampaniyalarni ishlab chiqish, shuningdek, mahalliy korxonalardan iborat guruhlarning O‘zbekistonga biznes missiyalarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.