O‘zbekiston Elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning “Nextgreen Global Berhad” kompaniyasi direktori Lim Tiam Xuat bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Korxonada qog‘oz-tsellyuloza, bioo‘g‘itlar, chorva yemlari, biologik parchalanadigan oziq-ovqat qadoqlari hamda palma pulpasi va qobig‘idan bioenergiya ishlab chiqariladi. Uning ishlab chiqarishiga sanoat chiqindilarini 100 foiz qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning noyob texnologiyasi joriy etildi. Kompaniyaning katta yutug’i ishlab chiqarishda butunlay ‘‘yashil’’ energiyadan foydalanishdir.
Uchrashuvda Malayziya kompaniyasi tajribasi va zamonaviy texnologiyalaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda paxta poyasi, somon va yovvoyi qamishdan foydalangan holda sellyuloza va prokat ishlab chiqarishga sarmoya kiritish yuzasidan fikr almashildi.
Malayziya tomoni mavjud xomashyo bazasini o‘rganish va undan sellyuloza-qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlarini tahlil qilish uchun kompaniya vakillarini O‘zbekistonga yuborishga tayyorligini bildirdi.