O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning ‘‘Tenaga Nasional Berhad’’ korporatsiyasi prezidenti va bosh direktori Megat Jaloliddin bin Hasan bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Korporatsiyaning elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’molchilarga yetkazib berishning to‘liq siklini qamrab olgan noyob tajribasi O‘zbekistonda ham amaliyotga tatbiq etishda foydali bo‘lishi ta’kidlandi.
Malayziya tomoniga mamlakatimizning tog‘li hududlarida kichik va o‘rta gidroelektr stansiyalarni qurishga sarmoya kiritish, davlat-xususiy sheriklik asosida elektr tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.
Malayziya korporatsiyasi prezidenti O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan takliflar kompaniya mutaxassislari tomonidan ijobiy ko‘rib chiqilishini aytdi. Hamkorlik loyihalarini muhokama qilish uchun korporatsiya mas’ul xodimini tayinlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
1949-yilda asos solingan ‘‘Tenaga Nasional Berhad’’ Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik energiya kompaniyasi hisoblanadi. Korporatsiya aktsiyalarining 45 foizi mamlakat hukumati tomonidan nazorat qilinadigan maqsadli fondlarga tegishli. Korporatsiyaning asosiy faoliyati elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash, elektr stansiyalarini taʼmirlash va sinovdan oʻtkazish, muhandislik, qurilish va texnik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, koʻmir qazib olish hisoblanadi. Korporatsiyada 14 mingga yaqin kishi ishlaydi.